19:10 23.01.2025Mamlakatimizda yoshlarga eʼtibor masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan boʻlib, ularning qiziqishlari boʻyicha har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda. Xususan, joylarda rahbarlar yosh avlod vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, taklif va murojaatlarini ijobiy yechimga keltirish choralarini koʻrishmoqda.
Bugun Kosonsoy tumanida joylashgan Ixtisoslashtirilgan maktabda tuman hokimi Dilmurod Qodirov boshchiligidagi sektor rahbarlari ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda yigit-qizlar oʻz murojaat va takliflari bilan qatnashdilar.
Tadbir davomida yoshlarning kelajakda oʻz yoʻllarini topishlari va faoliyatlarini samarali yoʻlga qoʻyishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratish eng muhim vazifa ekani taʼkidlandi. Shu bilan birga, muloqotda bildirilgan taklif va tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanishi, koʻtarilgan muammoli masalalar esa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal qilinishi boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Mazkur ochiq muloqot yoshlarning dolzarb masalalari va tashabbuslarini muhokama qilish, ularni hal etish boʻyicha amaliy qadamlar tashlashda muhim maydon boʻldi.